7-DEKABR - BOG‘OT TUMANI TAShKIL TOPGAN KUN | bagatdistrict.uz

 2023-12-07 09:01:00 78 Chop etish

7-DEKABR - BOG‘OT TUMANI TAShKIL TOPGAN KUN

 

Bog‘ot tumani hozirgi chegaralarida 1970-yilning 7-dekabr kuni tashkil qilingan.

 

To‘g‘ri, tumanimiz dastlab 1926-yilda tashkil qilinib 1934-yilda tugatilgan keyinchalik 1953-yilda qayta tashkil qilinib, 1959-yilda yana tugatilgan.

Xalq deputatlari Bog‘ot tuman Kengashi kotibiyati mudiri Mayliboy Quryozov tumanning tashkil qilinishi(qayta tashkil qilinishi) to‘g‘risidagi voqealarni shunday eslaydi...

«1970-yilning 8-dekabr kuni edi, umumiy o‘rta ta’lim maktabining 3-sinfida o‘qir edim.U paytlarda xonadonlarda sim orqali ulangan, devorlarga ilib qo‘yiladigan radiolar bo‘lar edi. Oilamiz bilan ertalab nonushta qilayotgan paytimizda radiodan suxandon(diktor) Bog‘ot tumanining tashkil qilinishi to‘g‘risidagi qarorni o‘qib eshittirdi.

Xudo rahmatli padari buzrukvorimiz Rajabboy ota(oddiy ishchi bo‘lganlar va fidoyi mehnatlari uchun sobiq ittifoq davlatining III darajali “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanganlar) bu voqeadan xursand bo‘ldilar va gapining orasida:- ana endi, “Mo‘lla Qo‘chqor” ham ketadi,- deb qoldilar.

Ochig‘ini aytsam, hozir ham qulog‘imning orqasida jaranglab turadigan bu so‘zlarning ma’nosini o‘sha paytda anglab yetmadim va otamdan so‘rashga andisha qildim. 1973 yilning 22 yanvar kuni tumanimiz markazida joylashgan 1-son umumiy o‘rta ta’lim maktabining 5-sinfida o‘qiyotgan paytimizda ta’lim muassasining yangidan qurib bitkazilgan binosiga ko‘chib o‘tib, o‘qishlarimizni davom qildirdik va shundan keyin yuqorida aytilgan so‘zlarning ma’nosini anglab yetdim.Chunki, maktabimiz, uning yonginasida joylashgan bolalar bog‘chasi hamda ko‘p qavatli turar joylarning hozirgi o‘rni biz 1-sinfdalik paytimizdayoq paxta yig‘im-terimida qatnashadigan “Toshkent” jamoa xo‘jaligiga qarashli bo‘lgan,uyimizning yonginasida joylashgan, xalq tilida “Mo‘lla Qo‘chqor” nomi bilan ataladigan ekin maydonlari  edi...»

Mana sizga qisqacha misralar orqali Bog‘ot tumanimizning tashkil etilish tarixidan so‘zladik.

Aziz tumandoshim!

Tumanimiz haqida sizda ham shunday qiziqarli ma’lumotlar bo‘lsa biz bilan bog‘laning!

Zero, yashayotgan zaminimiz tarixini bilish orqali avlodlarimizga namuna bo‘laylik!

 

 

 

 

Bog‘ot tumani hokimligi axborot xizmati