Davlat fuqarolik xizmatchisi qanday sovg‘alarni olishi mumkin? | bagatdistrict.uz

 2023-06-05 12:25:00 136 Chop etish

Davlat fuqarolik xizmatchisi qanday sovg‘alarni olishi mumkin?
2022-yil 13-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining buyrug‘i bilan “Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin boʻlgan sovgʻa qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, davlat fuqarolik xizmatchisi Oʻzbekistondan tashqaridagi xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar, Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlarda sovgʻa olishi mumkin. Oʻzbekistondagi boshqa xizmat safarlarida sovgʻa olish mumkin emas. Davlat fuqarolik xizmatchisi oladigan sovgʻa quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- milliy qonunchiligimizda taqiqlanmagan ashyolar boʻlishi;
- sovgʻa xalqaro va boshqa rasmiy tadbirda ixtiyoriy berilgan boʻlishi;
- sovgʻa ochiq va oshkora qabul qilinishi;
- davlat organining obroʻsiga putur yetkazmasligi;
- manfaatlar toʻqnashuvi yoki korrupsiyaviy omilni keltirib chiqarmasligi.
Davlat fuqarolik xizmatchisi sovgʻani tadbirdan kelgandan soʻng 3 ish kunida xoʻjalik boʻlimiga beradi va bunda dalolatnoma tuziladi. Sovgʻaning qiymati aniq boʻlmasa, xoʻjalik boʻlimi uni baholaydi va uning qiymati BHMning 4 baravaridan (1,2 mln soʻmdan) koʻp boʻlmasa, sovgʻa davlat fuqarolik xizmatchisiga beriladi. Sovgʻa qiymati BHMning 4 baravaridan (1,2 mln soʻmdan) koʻp boʻlsa, u moliya-iqtisod boʻlinmasi tomonidan davlat organi balansiga kirim qilinadi hamda davlat organi ehtiyoji uchun foydalaniladi.
Tez yaroqsiz holga keluvchi sovgʻalar (gul, shirinliklar), shuningdek kanselyariya toʻplamlari (taqvim, buklet, plastmassali ruchka, kundalik va bloknot) sovgʻa sifatida rasmiylashtirilmaydi hamda ushbu sovgʻalar davlat fuqarolik xizmatchisida qoldiriladi.
Bog‘ot tuman adliya bo‘limi
bosh maslahatchisi G‘.Maxmudov