Elektr, gaz yoki ichimlik suvi quvuriga noqonuniy ulanish o‘g‘irlik sifatida baholanishi mumkin. | bagatdistrict.uz

 2023-12-05 03:12:00 103 Chop etish

 

 

O‘zbekiston Respublikasining 13.03.2023 yildagi “Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ–822-sonli Qonuniga ko‘ra Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonun bilan elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovoddan tijorat maqsadlarida noqonuniy foydalanish o‘g‘irlik deb belgilandi. MJtK va JKga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, endi ushbu jinoyatni sodir etganlar jarimaga tortilishi yoki 5 yilga qamalishi mumkin.

Jumladan, Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yo‘li bilan talon-toroj qilish o‘g‘irlik deb belgilandi hamda mazkur huquqbuzarlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ushbu huquqbuzarlikni oz miqdorda sodir etgan shaxslarga BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish kabi ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin.

Shunday bo‘lsada, qonunlarga bo‘ysunmasdan elektr, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ulanish sodir etib kelayotgan shaxslar oramizda talaygina topiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi tomonidan 2023 yilning o‘tgan davrida elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulangan 83 nafar shaxslarga nisbatan ma’muriy ishlar ko‘rilib, ularga nisbatan 38.550.000 so‘mlik ma’muriy jarimalar qo‘llanildi va sodir qilingan huquqbuzarliklar oqibatida yetkazilgan 214.797.308 so‘mlik zararlar undirilishi ta’minlandi.

Yurtimiz fuqarolarini elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga qonuniy tartibda ulanib, foydalanishga chaqirgan holda bunday huquqbuzarliklar uchun qonunlarimizda jinoiy va ma’muriy javobgarlik choralari borligi haqida eslatib o‘tamiz.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Bog‘ot tuman sudi raisi H.Saidov

 

 

 

 

BOGʻOT TUMANI HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI