Jinoyat ishlari boʻyicha sudlarning arxivida ishlarni tashkil qilish tartibi toʻgʻrisida | bagatdistrict.uz

 2024-04-15 10:25:00 42 Chop etish

Jinoyat ishlari boʻyicha sudlarning arxivida ishlarni tashkil qilish tartibi toʻgʻrisida Jinoyat ishlari boʻyicha Bogʻot tuman sudining arxivariusi Islom Yakubovning murojaati


Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining 2024-yil 29-fevraldagi “Oliy sud Rayosati qarorlari bilan tasdiqlangan yoʻriqnomalarni yangi tahririda qabul qilish, ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi RS-08-24-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu rayosat qaroriga koʻra, sudlarda ish yuritishni tartibga soluvchi bir qator ilovalar yangilangan holatda tasdiqlandi va muvofiqlashtirildi. Xususan, “Jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarida ish yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi yoʻriqnoma yangi tahrirda tasdiqlanib, 2024-yil 1-apreldan amalga kiritilishi belgilandi. Mazkur yoʻriqnoma 38 ta bobdan iborat boʻlib, uning 31-bobi “Hujjatlarni saqlash, ularni arxivga topshirish va amaliy ekspertizadan oʻtkazish” hamda 32-bobi “Sud arxivida ishlarni tashkil qilish” kabi sud arxivi bilan bogʻliq mavzulardan iboratdir. Jumladan, sudning arxiv mudiri (arxivariusi) oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining arxiv ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomi, “Oʻzarxiv” Agentligi bilan hamkorlikda hamda Oliy sud raisining farmoyishi, hududiy davlat arxivi bilan hamkorlikda sud raislarining buyruqlari, farmoyishlari va ushbu Yoʻriqnomaga asosan yuritadi. Shuningdek, sudlarda arxiv ishi sud raisi tomonidan tasdiqlanib, davlat arxivi ETK bilan kelishiladigan sudning idoraviy arxivi va ekspert komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomlar asosida tashkil qilinadi.  Yangi ishga qabul qilingan va ishdan boʻshagan (boshqa lavozimga oʻtkazilgan) arxiv mudirlari (arxivariuslari) oʻrtasidagi idoraviy arxiv hujjatlarini va moddiy qiymatliklarni qabul qilish va topshirish dalolatnomasi idoraviy arxiv ekspert komissiyasi yakuniy xulosasiga asosan sud raisi tomonidan tasdiqlanadi. Hujjatlarning doimiy-amaliy ekspertizasi hujjatlarning mazmun va mohiyatlarini aniqlash, ularni saqlash, saqlash muddatini belgilash maqsadida oʻtkaziladi. Ekspert komissiyasi sud raisining buyrugʻi bilan 3–5 kishidan kam boʻlmagan tartibda tasdiqlanadi. Sudlarning ekspert komissiyasi davlat arxiviga topshirilishi lozim boʻlgan yigʻmajildlar va ularning dalolatnomasini, shuningdek, doimiy yoki vaqtincha (oʻn yildan yuqori) saqlanadigan yigʻmajild va ular roʻyxatini koʻrib chiqib, arxiv tashkilotlari tasdigʻiga berish haqida qaror chiqaradi. Arxiv mudiri (arxivarius) suddagi ekspert-tekshiruv komissiyasining aʼzosi hisoblanadi. Arxiv ishlarini arxiv mudiri (arxivarius) axborot tizimidan foydalangan holda tashkillashtiradi. Arxiv mudiri tamomlangan ish hujjatlarini kitob yoki roʻyxat orqali, yigʻmajildlarni va boshqa kitoblarni esa dalolatnoma asosida arxivga saqlash uchun qabul qiladi. Arxivda saqlanayotgan hujjatlarni vaqtincha foydalanishga berish boʻyicha alohida kitob yuritiladi. Sud arxiviga topshiriladigan ishlar va boshqa materiallarga, ulardagi mavjud barcha hujjatlarning har bir varaqasi raqamlanib, tikilib, roʻyxatga olingach, sudya yordamchisining imzosi bilan tasdiqlanadi. Ishlar sud arxivida yillar asosida ishlar raqamlari tartibi boʻyicha saqlanadi.

Arxiv mudiri (arxivarius) arxiv pasportining mavjudligi hamda unga fond hajmi va tarkibi boʻyicha oʻzgartirishlar haqidagi maʼlumotlarni kiritib borishi lozim. Shu bilan birga,u sud arxivida hisob hujjatlari yuritilishi toʻgʻriligiga (hujjatlar kirim kitobi, arxiv fondlari roʻyxati, arxiv fondi varaqasi, arxiv roʻyxati, arxiv fondi ishi) masʼuldir. Arxiv mudiri (arxivarius) har yili kamida bir marotaba arxivda saqlanayotgan arxiv hujjatlarini saqlash va yoʻq qilishga ajratadi. Doimiy saqlanishi lozim boʻlgan sud arxivida saqlash muddati oʻtgan hujjatlarni doimiy saqlash uchun arxiv tashkilotlariga topshirish ishlarini amalga oshirish boʻyicha tegishli choralarni koʻradi. Sudlarda elektron shakllantirilgan ishlarning sud arxivida saqlanishi ushbu bobda belgilangan tartibda asosida faqat axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Sud arxiviga begona shaxslarning kirishi taqiqlanadi. Arxiv hujjatlari bilan tanishtirish arxiv xonasidan tashqarida sud binosida amalga oshiriladi. Sudyalar va sud apparati xodimlarining sud arxiviga kirishi faqatgina sud raisining ruxsatiga asosan arxiv mudiri (arxivarius) bilan birgalikda yoʻl qoʻyiladi. Arxiv mudiri (arxivarius) muayyan sabab bilan oʻz ish joyida boʻlmagan taqdirda, bunga zarurat tugʻilgan taqdirda, arxiv xonasi sud raisi yoki uning oʻrinbosari va ekspert komissiyasi aʼzolari tomonidan ochiladi hamda zarurat tugagach, arxiv saqlov xonasi qulflanib, muhrlanadi va bu haqida dalolatnoma tuziladi. Umuman olganda jinoyat ishlari boʻyicha sudlarning arxivida yuqorida qayd qilingan qoidalar asosida ish yuritiladi.