Bogʻot tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining murojaati | bagatdistrict.uz

 2024-04-03 11:20:00 46 Chop etish

Hurmatli yurtdoshlar!

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda koʻkalamzorlashtirish, oʻsimliklarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Koʻchat ekib, bogʻ yaratish – xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri. Zero, oʻzimiz yashab turgan joyni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish tufayli koʻnglimiz shodlikka toʻladi, turmushimiz fayzli va farovon boʻladi. Demak, xalqimizning ibratli oʻtishi oʻzimiz yashayotgan muhitda tabiatga oqilona munosabatda boʻlib, uni asrab avaylash, kelgusi avlodlar ham yashashi uchun qulay makon barpo etishga undaydi.

Ayni chogʻda bogʻlar, koʻchalar hamda yoʻl chetlarida yashnab turgan daraxtlar tevarak-atrofga koʻrk ulashishi barobarida havo musaffoligini taʼminlab, dasturxonimizni mevalar bilan toʻldiradi. Daraxtlarga mehr berish, ularni parvarishlash eng ezgu va xayrli amal sanaladi. Koʻchat ekib, bogʻ yaratish, atrof-muhitni toza va ozoda saqlash xalqimizning asrlar sinovidan oʻtgan milliy qadriyatidir. Zero, ajdodlarimiz oilada yangi tugʻilgan farzandga atab yerga nihol qadagan. Oʻsha daraxt bilan birga farzand ham ulgʻaygan.

Muhtaram Prezidentimizning joriy yilning 29-mart kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasida bergan koʻrsatmalari ana shunday ezgulik yoʻlidagi juda ham muhim tashabbusdir. Prezidentimiz raisligida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha 2024-yil bahor mavsumidagi ustuvor vazifalar yuzasidan boʻlib oʻtgan yigʻilishda bu boradagi ishlarni kengaytirib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahor mavsumida 9,2 million dona daraxt ekish vazifasi belgilab berildi. Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan “Mening bogʻim” loyihasini ishga tushirish zarurligini, joylarda 33 ta yashil bogʻ va 25 ta jamoat parklarini tashkil qilishga koʻrsatma berildi.

Ijtimoiy obyektlarga koʻchatlarni bepul yetkazib berish boʻyicha oʻtgan yili boshlangan amaliyot bu yil ham davom ettiriladi. Xususan, ularga 200 mingdan ziyod koʻchat bepul tarqatilishi belgilandi. Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek “Yashil makon” vijdonimiz, boʻlajak hayotimiz, farzandlarimiz oldidagi maʼsuliyatimizdir.

Qayd etish kerakki, oʻtgan yili kuz va joriy yilning bahor oylarida mahallalarda, fermer va dehqonlarimiz dalalari chetlariga va aholi tomorqalarida 13,7 milliondan ziyod koʻchat ekildi. Albatta, bu savobli ishlarda koʻplab tashkilotlar, mahallalar, umuman, keng jamoatchilik qatori Siz mehnatkash dehqon va fermerlarimizning ham munosib ulushi bor.

Hurmatli fermerlar!

Joriy yil bahor mavsumida siz ham dalangiz chetidagi boʻsh yerlarga tut, tok va boshqa daraxt koʻchatlari ekib “Yashil makon” umummilliy loyihasiga oʻz hissangizni qoʻshing. Buning uchun tumanda koʻchat yetishtiruvchi 15 dan ziyod fermer, dehqon xoʻjaliklarida va tomorqa yer egalarida 5,3 milliondan ziyod tut, tok, tol va boshqa daraxt nihollari mavjud. Siz ular bilan hamkorlik qilsangiz, yurtimiz yashillik olamiga oʻzingizning munosib hissangizni qoʻshgan boʻlasiz.

Muhtaram tomorqachilar!

Bugungi kunda tumandagi 43 ta mahalla fuqaro yigʻinlarida 30 ming 388 dan ziyod tomorqa yer egalari faoliyat yuritadi. Agar har bir tomorqachi oʻz tomorqasiga, mahalla guzariga va koʻcha boshiga 10 tupdan koʻchat eksa, tuman boʻyicha 303 ming 880 ta tup koʻchat ekiladi. Bunday saxovatpeshalik bilan qilingan ishlaringiz tahsinga sazovor boʻladi.

Hurmatli va aziz fermerlar, dehqonlar hamda tomorqa yer egalari!

Sizlarni hurmatli yurtboshimizning yuksak ishonchini oqlab, mamlakatimiz ravnaqi va farovonligiga munosib hissa qoʻshish uchun “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida faol ishtirok etib tut, tok va boshqa daraxt koʻchatlari ekishga chaqiramiz! Bu bilan siz xalqimizga xos ezgu fazilatlarga oʻzingizning munosib hissangizni qoʻshgan boʻlasiz. Zero, nafaqat hovli va uylarimiz mana shu, mahalla, shahar va mana shu vatan ham oʻzimizniki. Uning ozodaligi va koʻrkamligiga barchamiz masʼulmiz.

Vatanimiz obodligiga oʻz hissamizni qoʻshaylik!