Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlari oshiriladi va bandligi taʼminlanadi | bagatdistrict.uz

 2024-04-06 04:05:00 40 Chop etish

Prezidentning “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini taʼminlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini oʻzlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan tuman hokimliklari zaxirasidagi 60 ming gektar yer maydoni elektron onlayn auksion savdolariga qoʻyilib, dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish uchun yoshlarga ijaraga beriladi hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha boʻlgan zanjirni qamrab oluvchi yangi tizim joriy etiladi.

Unga ko‘ra, 60 ming gektar yer maydonini ijaraga berish boʻyicha elektron onlayn auksion savdolari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali “mahalla yettiligi”ning tavsiyasi bilan shakllantiriladigan roʻyxatga kiritilgan yoshlar (talabgorlar) oʻrtasida oʻtkaziladi.

Bunda yer maydonlarini ijaraga berish boʻyicha elektron onlayn auksion savdolari gʻoliblariga yer uchastkasi narxini 10 yil muddatga teng ulushlarda foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi, shuningdek, zakalat puli BHMning 1 baravari (340 ming soʻm) miqdorida belgilanadi.

Bundan tashqari, yer maydonlarini elektron onlayn auksion savdolari orqali ijaraga olgan yoshlar “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan chiqarilmaydi va ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha imtiyoz va preferensiyalar saqlab qolinadi.

Talabgorlar tomonidan yer maydonlarida yetishtiriladigan ekin turlari va ular miqdorining doimiy monitoringi Yoshlar ishlari agentligining “Yosh fermerlar” platformasi orqali amalga oshiriladi.